“CRPT TURON” va «O‘zeltexsanoat» o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Joriy yilning 30-may kuni Toshkent shahrida “ASL BELGISI” Milliy raqamli markirovkalash tizimi operatori — “CRPT TURON”va «O‘zeltexsanoat» uyushmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumning tantanali imzolanishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu voqea tomonlar o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda muhim bosqich hisoblanadi.

Imzolangan Memorandumning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
• Noqonuniy tovar aylanmasiga qarshi kurashish.
• Maishiy texnika bozorini raqamlashtirish darajasini oshirish.
• Kasbiy tajriba va bilim almashish.
• Mahsulot aylanmasi ishtirokchilari bilan qo‘shma tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish.

Ushbu hamkorlik doirasida tomonlar tovarlarning noqonuniy aylanishi belgilari va faktlari to‘g‘risida ma’lumot almashishga, konferensiyalar va davra suhbatlari kabi qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga, shuningdek, vakolatli davlat organlari uchun O‘zbekiston Respublikasining tovarlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasidagi qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Hujjat “CRPT TURON” rivojlanish bo‘yicha direktori — Saydullayev Fazliddin va «O‘zeltexsanoat» uyushmasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari — Boyev Abror tomonidan imzolandi.

Tomonlar tovar ayirboshlashni raqamlashtirish va maishiy texnika bozori shaffofligini oshirish sohasidagi umumiy maqsadlarga erishish yo‘lida bundan buyon ham samarali hamkorlik qilish, bilim almashish va harakatlarni muvofiqlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Qo‘shma tashabbuslar va erishilgan natijalar haqida ma’lumot olish uchun yangiliklarimizni kuzatib boring!

Scroll to Top