Национальная система
цифровой маркировки товаров

Tovar belgisi va raqamli markirovka tizimi kontrafakt mahsulotlar bilan kurashda qanday ahamiyatga ega?

28.01.2022
#

Аholini kontrafakt va kontrabanda mahsulotlaridan ximoya qilish mumkinmi? Bu jarayonda raqamli markirovka tizimi qanday ahamiyatga ega? Bu haqida Intellektual mulk Аgentligi matbuot kotibi - Feruz Juraev bilan suhbatlashdik.

*Kontrafakt tushunchasi oʼzi nima? Qanday mahsulotlar kontrafakt sanaladi?**

-Kontrafakt – bu huquq egasining tovar belgisiga boʼlgan huquqlarini buzish hisoblanib, isteʼmolchini adashtirish darajasida tovar nomini oʼzgartirish sanaladi. Kontrafakt barcha mahsulotlar orasida mavjud. Sababi nohalol tadbirkor oson daromad koʼrish uchun koʼp yillik tajribaga ega, xaridorlar ishonchini qozongan va bozorda oʼz oʼrnini topgan tovar nomiga oʼxshatib mahsulot chiqaradi. Аfsuski xaridorlar har doim ham sotib olayotgan tovarlari nomlanishi toʼgʼri yozilganiga, ishlab chiqaruvchisi haqida maʼlumotlar toʼliq ekaniga eʼtibor berishmaydi va aldanib qolishadi. Koʼpincha kontrafakt mahsulot sifati past boʼlgani uchun uning “umri” qisqa boʼladi va xaridor bir bor adashgan mahsulotni qaytib sotib olmaydi. Bu esa nohalol “tadbirkor”ning boshqa turdagi kontrafakt mahsulot chiqarishiga sabab boʼladi. Bu jarayon unga qonuniy chora koʼrilmaguncha nihoyasizdir.

Kontrafakt mahsulot savdosi oʼz ortidan qanday xavf tugʼdiradi?

-Kontrafakt mahsulotlar makon tanlamas boʼlib, bu muammo bilan barcha mamlakatlar kurash olib boradi. Chunki kontrafakt mahsulot savdosi mamlakat iqtisodiyotiga zarar keltirib, nohalol raqobat oqibatida yirik tadbirkorlarning tovar aylanmasi keskin tushib ketadi va ishchilarga oylik, davlatga soliq toʼlash qobiliyatini asta-sekin yoʼqotadi. Passiv daromad esa kompaniyalarning ish oʼrnini qisqartirishga yoki butunlay bankrot boʼlishiga olib keladi. Buning ortidan ishsizlik kelib chiqadi. Xalqaro savdo palatasining maʼlumotlariga koʼra, butun dunyo boʼylab kontrafakt mahsulotlar savdosi barcha xalqaro tovar savdosining 5-7 foizini tashkil qiladi. Kontrafakt mahsulotlar jahon iqtisodiyotiga yiliga taxminan 500 milliard AQSh dollari zarar keltiradi.

Quyida kontrafakt mahsulotlar turli sohalarga qancha zarar keltirishi bilan tanishishingiz mumkin:

  • 2020 yilda kontrafaktdan global yoʼqotish - 1.82 trln. AQSh dollarni tashkil etdi;

  • G20 davlatlari iqtisodiyotida yiliga kontrafakt mahsulotlar isteʼmoli tufayli oʼlim holati natijasida - 18 mlrd. $ zarar koʼrildi;

  • Onlayn kontrafakt savdolari natijasida - 323 mlrd. AQSh dollar zarar koʼrildi;

  • Tibbiyotda shikastlanishni davolovchi kontrafakt mahsulotlarga -125 mln. AQSh dollar sarflangan.

Dori vositalari kontrafakti buyicha aloxida toʼxtalib oʼtsangiz. Bu guruhga mansub mahsulotlar kontrafakti qanchalik koʼp?

-Kontrafakt dori-darmonlar har yili jahonda qariyb 1 million insonning umriga zomin boʼlmoqda. Bundan tashqari, kontrafakt dori dori tarkibida faol moddalar umuman boʼlmasligi ham mumkin, shu bois uni qabul qilgan shaxsning ahvoli yaxshilanmaydi, balki kasallikni yengishga qarshi vosita ichilmagani sababli sogʼligi jiddiy xavf ostida qoladi.

Dori ishlab chiqaruvchi farmatsevtik firma original dori sifati va kasallikka taʼsir qilishini yillar davomida sinovdan oʼtkazadi. Аmmo kontrafakt mahsulot tayyorlab bozorga chiqarishga urinayotgan “uddaburon tadbirkor” esa osongina foyda koʼrish maqsadida oʼzganing tovar belgisidan foydalanib, nomi oʼxshash dori ishlab chiqaradi.

Oddiygina nomi va tashqi koʼrinishi taniqli boʼlgan dorilar qadogʼini oʼxshatib, bir ikkita harfini oʼzgartirib qoʼyadi xolos. Masalan, “Turmol” deb chiqarilgan dori vositasi aslida Hindistonning Trimol tabletkasi analogi hisoblanadi. Dorini qalbakilashtirishdan maqsad esa odamlarning ong ostida shakllangan Trimol tabletkasi obrazi orqali kontrafakt dori mahsuloti sotuvini rivojlantirishdir.

Intellektual mulk agentligi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida dorixonalarda sotilayotgan kontrafakt dori vositalarini oʼrganib chiqmoqda. Bu yoʼlda Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda kontrafakt dori vositalari savdosini cheklash boʼyicha tizimli harakatni olib borishga eʼtibor qaratilmoqda.

Maʼlumki, bugungi kunda respublikamizdagi dorixonalarda 9 mingdan ortiq dori vositalari sotilmoqda. Fuqarolar murojaatiga binoan kontrafakt dori vositalari aylanmasini toʼxtatish yuzasidan ishlab chiqaruvchilarga taqdimnomalar kiritiladi. Shunda ham huquqbuzarlik holatlari takrorlansa, tegishli davlat organlariga qonuniy choralar koʼrish maqsadida bayonnoma rasmiylashtiriladi. Аgentlik xodimlari tomonidan dorixonalarda sotilayotgan kontrafakt mahsulotlari aylanmasini cheklash maqsadida ularning maxsus katalogi tuzilib, sotuvchilar va isteʼmolchilar doimiy ravishda tanishtirilmoqda. Shuningdek, katalogga kiritilgan kontrafakt dori vositalari sotuvi bilan shugʼullanish uchun javobgarlik belgilangani haqida ogohlantirilib, dorilarni dorixona peshtoqidan olish talab etiladi va noqonuniy ishlab chiqaruvchilar javobgarlikka tortiladi.

Kontrafakt mahsulotlar bilan kurashishda raqamli markirovka samarali vosita hisoblanadimi va nima uchun?

-Kontrafakt mahsulotlar bilan kurashishda koʼpgina tizimlar samarali hisoblanadi. Mamlakatimizda yaqinda joriy etilgan raqamli markirovka tizimi toʼgʼrisida alohida soʼzlab bermoqchi edim.

“Asl Belgisi” nomi ostida oʼz faoliyatini olib borayotgan bu tizim aynan kontrabanda va kontrafakt mahsulotlar bilan kurashishga moʼljallangan. Raqamli markirovka tizimi bugungi kunda MDH davlatlarida keng rivojlangan. Uning afzalliklari juda koʼp – eng avvalo – bu bozorni qalbaki mahsulotlardan tozalab, sogʼlom raqobat muhitini yaratish va soliq tushumlarini ortishi natijasida davlat byudjetini oshirish sanaladi. Bugungi kunda bu juda dolzarb masala. Chunki noqonuniy ishlab chiqarilgan va kontrabanda yoʼli bilan bozorlarimizda taqdim etilayotgan aksariyat tovarlardan soliq toʼlanmaydi.

Markirovka tizimi esa ishlab chiqaruvchi yoki importchi mahsulotni ishlab chiqarishi yoki mamlakatga olib kirishidan tortib uni haridor harid qilguniga qadar boʼlgan aylanma zanjirni nazorat qilish imkoniyatini beradi. Yaʼni mahsulot ishlab chiqarilganidan soʼng u qaysi omborda saqlanganligi, uni qaysi ulgurji savdo kompaniyasi harid qilgani va rastaga joylanguncha boʼlgan yoʼl nazorat ostida boʼladi.

Va eng muhim omillardan biri – bu jamoat nazorati. Tizim “Asl Belgisi” mobil ilovasiga ham ega boʼlib, u orqali xaridorlar mahsulotni xarid qilishdan oldin uning aslligini tekshirish imkoniyatiga ega boʼladi. Demak endi biz xaridor huquqini ham ximoya qilgan holda, unga asl mahsulotni qalbaki mahsulotdan farqlashning yana bir samarali instrumentini taqdim etamiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda 3 guruhdagi mahsulotlar markirovkalanadi - bular alkogol, tamaki va pivo mahsulotlari. Eʼtibor bering, bu mahsulotlar aktsiz markaga ega tovarlardir. Lekin aynan shu tovarlarning mamlakatimizga kontrafakt va kontrabanda sifatida olib kirish yuqori foizni tashkil etadi. Shu sababli ham hukumatimiz mahsulotni raqamlashtirish va bozorni “tozalashni” aynan shulardan boshlagan.

2021 yilning yoz oylarida yana 3 ta guruh boʼyicha tajriba loyhalariga start berildi - bular dori vositalari, suv, yaxna ichimliklar va maishiy texnika vositalaridir. Bu turdagi tovarlar ham qalbakilashtirilishi hech kimga sir emas.

Sizningcha, yana kaysi mahsulotlar mamlakatimizda markirovkalanishi kerak?

— Isteʼmol bozori juda keng ekanligi bois bu roʼyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Markirovkalanishi lozim boʼlgan mahsulotlar roʼyxatiga dori vositalarini hamda avtomobil ehtiyot qismlari ham kiritish mumkin. Yuqorida aytilganidek, dori vositalari soxtalashtirish yoki kontrafakt nusxasini yaratilishi ham aholi sogʼligiga putur yetkazadi ham ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy zarar koʼrishiga sabab boʼladi.

Xulosa qilib aytganda, mahsulotni markirovkalash orqali bozorda kontrafakt tovarlar ulushi keskin kamayadi, "qora" bozor ildizi quritiladi bu esa tovarlarning raqamli markalash tizimida ishtirok etadigan tadbirkorlar va import qiluvchilar daromadi oshishiga xizmat qiladi. Muhim jihati, strategik tovarlarning raqamli yorligʼi savdo hajmini koʼpayishiga, soliq va bojxona toʼlovlari toʼlanishiga, sogʼlom raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Регистрация в системе маркировки
Зарегистрироваться
Для бизнеса

Регистрируйтесь в системе маркировки и добровольных экспериментах