O‘zbekistonda “Asl Belgisi” MAT tizimida mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalarini raqamli markirovkalash bo‘yicha tajriba loyihasi yakunlandi. Tajriba doirasida ishlab chiqaruvchilar — «SWISSAGRO» MCHJ, «IFODA AGRO KIMYO HIMOYA» MCHJ, «INDORAMA KOKAND FERTILIZERS AND CHEMICALS» AJ, «SCHELKOVO AGROHIM-OZBEKISTAN» MCHJ QK, «MAXAM-CHIRCHIQ» AJ bilan birgalikda 5,3 million donadan ortiq mahsulot markirovka qilindi, ishlab chiqarishda DataMatrix kodlarini kiritish, ularni logistikaning barcha bosqichlarida hisobga olish, shuningdek, elektron hisob-fakturalar va onlayn cheklar orqali sotish jarayonlari ishlab chiqildi. Ixtiyoriy ravishda tizimga allaqachon 19 ta kompaniya ulangan bo‘lib, ular 2,5 million donadan ortiq mahsulotni markirovka qilgan. Tajriba loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ishtirokida va muvofiqlashtirilishi, shuningdek, Soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi ko‘magida amalga oshirildi, bu esa mahsulot aylanishining barcha bosqichlarida nazorat va kuzatuv jarayonlarini muvofiqlashtirilgan holda ishlab chiqishni ta’minladi.
O‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini raqamli markirovkalash soha va davlatga bir qator asosiy afzalliklarni beradi:
* Bozor shaffofligi va kontrafaktga qarshi kurash — har bir mahsulot unikal kod oladi va mahsilot zavoddan yakuniy xaridorgacha kuzatib boriladi.
* Sifat va xavfsizlik nazoratini kuchaytirish — regulyatorlar ishlab chiqarish, aylanma va qoldiqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga onlayn kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
* Vijdonli ishlab chiqaruvchilar va importchilarni himoya qilish — noqonuniy mahsulotni bozorga olib kirish qiyinroq, vijdonli biznes raqobatdosh ustunlikka ega bo‘ladi.
* Biznes uchun qulaylik: elektron hujjat aylanishi, fiskal tizimlar va logistika jarayonlari bilan integratsiyalashuv operatsion xatarlarni kamaytiradi va hisob-kitoblarni soddalashtiradi.
Tajriba natijalari 2026-yil 1-maydan boshlab mamlakatda o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini majburiy raqamli markirovkalashga bosqichma-bosqich o‘tish uchun asos bo‘ladi.
