Kontrafakt nazorat ostida: Farg‘onada noqonuniy sigaretalarning katta partiyasi yo‘q qilindi

10-oktabr kuni Farg‘ona viloyatida tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. «Tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlik» mavzusidagi davra suhbati doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi, Asl Belgisi raqamli markirovka tizimi vakillari, shuningdek, tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va OAV vakillari kontrafakt va qalbaki tamaki mahsulotlarining bozorga kirib kelishini bartaraf etish bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Shu kunning o‘zida musodara qilingan mahsulotlarni yo‘q qilish bo‘yicha aksiya o‘tkazildi. Noqonuniy olib kirishning 12 ta holati bo‘yicha musodara qilingan 486 mln so‘mlik, sifati tasdiqlanmagan 34 600 quti ORIS, MILANO va ESSE CHANGE markali sigaretalar davlat organlari, OAV vakillari, jamoatchilik va ishlab chiqaruvchilar ishtirokida yo‘q qilindi.
Aksiya davomida Akramjon Axlimirzayev har bir iste’molchi sigaretning asl qutisini qalbakisidan qanday ajratishi mumkinligini tushuntirdi:
«Original va qonuniy sotiladigan sigaret qutisining uchta belgisi mavjud:
1. Aksiz markasi. U aksiz solig‘i to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat bo‘lib, iste’molchi uchun tovarning sifati va qonuniyligini kafolatlaydi.
2. Ogohlantiruvchi rasmlar. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ular iste’mol qadog‘i va blokining har bir asosiy tomoni maydonining kamida 40 foizini egallashi kerak.
3. Data Matrix kod. Uning mavjudligi tovarning ishlab chiqaruvchidan iste’molchigacha bo‘lgan yo‘lini kuzatish imkonini beradi va mahsulotning barcha standartlarga muvofiqligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tganiga va qonuniy asosda sotilayotganiga ishonch hosil qiladi.
Afsuski, taqdim etilgan namunalarda biz bunday belgilarni ko‘rmayapmiz, ya’ni bu sigaretlarda nikotin va boshqa zararli moddalarning ruxsat etilgan me’yorlari mavjudligiga ishonch hosil qila olmaymiz,» — deya xulosa qildi u.

Scroll to Top