“Tashkent Pharma Park” anjumanlar zalida farmatsevtika biznesi vakillari bilan dori vositalarini raqamli markirovkalash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda CRPT TURON – “Asl Belgisi”, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari, shuningdek, zalda 60 dan ortiq tadbirkorlar va 90 ga yaqin ishtirokchilar videokonferensiya shaklida ishtirok etdi.
Ochiq muloqot davomida raqamli markirovka tizimini joriy etishdagi mavjud muammolar va yechimlar, axborot tizimlarini integratsiya qilish masalalari, majburiy markirovkani samarali joriy etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Davlat organlari vakillari, shuningdek, biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida gapirib, ishtirokchilarning savollariga javob berishdi.