2025-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonda biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) ixtiyoriy ravishda markirovkalash loyihasi boshlanadi. Bu kontrabanda, qalbakilashtirilgan mahsulotlarga qarshi kurashish va iste’molchilarni himoya qilishga qaratilgan mamlakat farmatsevtika va nutritsevtika bozorlarini rivojlantirishdagi muhim qadamdir. Ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va boshqa tadbirkorlik subyektlarining ishtiroki ixtiyoriy bo‘lib, ixtiyoriy markirovkalash davrida ushbu toifadagi tovarlar uchun markirovka kodlarini taqdim etish va kuzatib borish xizmati to‘lov undirilmasdan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-13-son Farmoniga muvofiq, biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarish va ularning aylanmasi ustidan davlat nazoratini tartibga solish va kengaytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar nazarda tutilgan, chunki ushbu toifadagi mahsulotlar ko‘pincha dori vositalarini qabul qilishning teng muqobili sifatida reklama qilinadi va aholiga sotiladi. Bunda ularni muntazam qabul qilishning samaradorligi va xavfsizligi nuqtayi nazaridan muvofiqlikni baholash amalga oshirilmaydi. Ushbu mexanizm BFQ aylanmasining shaffofligini ta’minlash va ularning olib kirilishi, sotilishi va ishlatilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, kontrafakt mahsulotlarning tarqalishini minimallashtirish imkonini beradi.
Ekspert baholariga ko‘ra, O‘zbekiston hududida sotilayotgan biologik faol qo‘shimchalarning aksariyati noqonuniy aylanmoqda. Ushbu toifadagi mahsulotlarni olib kirish va sotishni nazorat qilishning samarali mexanizmlari mavjud emasligi iste’molchilar salomatligi uchun katta xavf tug‘diradi, shuningdek, davlat uchun sezilarli iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi.
Yuzaga kelgan vaziyatning asosiy sabablaridan biri bojxona to‘lovlarining yuqori darajasi bo‘lib, bu rasmiy ravishda olib kirilgan BFQlarni noqonuniy mahsulotlarga nisbatan raqobatbardoshligini pasaytiradi. Natijada milliy standartlar va texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan kontrafakt va ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mahsulotlar bozorda ustunlik qilmoqda.
Raqamli markirovka tizimini joriy etish quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan:
· mahsulotning kelib chiqishi va sifatini nazorat qilish orqali iste’molchilarni sertifikatlanmagan, qalbakilashtirilgan va potensial xavfli BFQlardan himoya qilishni ta’minlash;
· respublika hududida biologik faol qo‘shimchalarni import qilish, saqlash, aylantirish va sotish jarayonlarini hisobga olish va nazorat qilishning yagona shaffof tizimini yaratish;
· noqonuniy bozor ulushini kamaytirish, bu soliq tushumlarini ko‘paytirishga va bozor ishtirokchilari o‘rtasida halol raqobatni ta’minlashga yordam beradi;
· rasmiy ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga ishonchni oshirish, xalqaro yetkazib beruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va biologik faol qo‘shimchalarning shaffof bozorini rivojlantirish
BFQlarni ixtiyoriy markirovkalash loyihasining birinchi ishtirokchilaridan biri STM Holding kompaniyasi bo‘lib, u o‘z mahsulotlarida raqamli markirovkani joriy etishga tayyorligini bildirdi. Kompaniya o‘z mahsulotlarining sifatiga ishonadi va mamlakatda BFQlarning shaffof bozorini shakllantirishga qaratilgan tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi.