Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif doirasida Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev boshchiligidagi delegatsiya Ilg’or texnologiyalarni rivojlantirish markazi (CRPT) ga tashrif buyurdi va u yerda CRPT boshqaruvi raisi Mixail Dubin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Idoralar rahbarlari majburiy raqamli markirovkani joriy etish jarayonida erishilgan yutuqlar bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, soliq bazasini oshirish va kontrafakt mahsulotlarning bozorga kirib kelishini oldini olishda raqamli markirovkadan foydalanishning yuqori samaradorligi qayd etildi.
Idoralar rahbarlari raqamli markirovkalash jarayonlariga eng yangi texnologiyalarni joriy etish masalalariga to‘xtaldilar. Mixail Dubin CRPTni rivojlantirish rejalari bilan bajonidil o‘rtoqlashdi, shuningdek, yirik gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchilarga yordam berish uchun ekspertlar guruhini O‘zbekistonga yuborish tashabbusi bilan chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi rahbari Rossiya Federal soliq xizmatiga ham tashrif buyurib, Federal soliq xizmati rahbari Daniil Yegorov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Har ikki tomon soliqqa tortish metodologiyasi va soliq ma’muriyatchiligi bo‘yicha o‘quv dasturlarini amalga oshirishda texnik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.
Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi tashrif buyurishi shart bo‘lgan yana bir manzil – Robototexnika markazi bo‘ldi. Mehmonlar logistika operatsiyalarini optimallashtirish va xarajatlarni minimallashtirishga yordam beradigan omborxona jarayonlarini avtomatlashtirishning ilg‘or texnologiyalari bilan tanishdilar.
Tomonlar tovarlarning kuzatuv tizimini takomillashtirish, shuningdek, markirovkalangan mahsulotlarni sotishda elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishni soddalashtirish masalasini muhokama qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, bu esa bozorning shaffofligi va nazorat samaradorligini oshirishga imkon beradi.
Markirovka faqat tadbirkorlarning manfaatlarini hisobga olgan holda, ishlab chiqarish hajmiga ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymasdan, ishlab chiqaruvchilarni tezkor texnik va ma’lumotnomalar bilan qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlandi.
Uchrashuvlar yakunida vazirlik va idoralar rahbarlari 2025-yilga mo‘ljallangan hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish yo‘nalishlarini belgilab oldilar.